O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyati bilan tanishdi
Joriy yilning 19-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Adilov Eldor Erkinovich Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida vazir klinikaning xirurgik binosida yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik baza, shuningdek, klinika mutaxassislari va universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, universitet huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazining ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, shuningdek, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi 3D modellashtirish va sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot ishlab chiqarish laboratoriyasi faoliyati namoyish etildi. Mazkur laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, zamonaviy texnologiyalarni tibbiyotga joriy etish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Vazir klinikada universitet rektorati bilan hamkorlikda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi. Shu bilan birga, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, xususan, klinikada shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishda zarur choralarni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi.
Tashrif SamDTU klinikasining tibbiy xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni rivojlantirish va ilm-fan yutuqlarini klinik amaliyotga keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.